2025-yil 4–7-may kunlari “ASIA ALLIANCE BANK” ATB Italiya yuragi bo‘lmish betakror Milan shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) Boshqaruvchilar Kengashining yillik yig‘ilishida ishtirok etdi. Tadbir global muloqot uchun yirik maydon bo‘lib xizmat qildi, unda jahonning yetakchi ekspertlari Osiyo-Tinch okeani mintaqasining dolzarb muammolari va rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun yig‘ildilar.

Milan shahrida bo‘lib o‘tgan OTB Boshqaruvchilar Kengashi yig‘ilishi doirasida bank vakillari 20 dan ortiq yetakchi xalqaro moliya institutlari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvlar kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish va yangi istiqbolli yo‘nalishlarni izlashga yo‘naltirilgan edi. OTB vakillari bilan muvaffaqiyatli muzokaralar olib borilib, unda banklar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, «ASIA ALIANCE BANK» ATBni kichik biznes subyektlarini uzoq muddatli moliyalashtirish dasturiga qo‘shish, shuningdek, barqaror rivojlanishga yoʻnaltirilgan resurslarni taqdim etish orqali Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyot sohasidagi loyihalarni birgalikda qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kelishuvga erishildi.

Alohida e’tibor quyidagi nufuzli institutlar bilan olib borilgan muzokaralarga qaratildi: Frontclear (Niderlandiya), Export-Import Bank of India (Hindiston), OYAK ANKER Bank GmbH, Oddo BHF, KFW IPEX-Bank (Germaniya), Unicredit SPA (Italiya), Banco Comercial Portugues (Portugaliya), RBI AG (Avstriya), Hayat Finans Katılım Bankası A.S. (Turkiya), Bank of Georgia (Gruziya). Shuningdek, Bank of Huzhou (Xitoy) va Banca Popolare di Sondrio (Italiya) vakillari bilan uchrashuvlar bankning savdo moliyalashtirish yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish va sheriklik aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Bundan tashqari, forum doirasida «ASIA ALIANCE BANK» ATB va Bank of Georgia (Gruziya) o‘rtasida kelishuvlar imzolandi, shuningdek, RBI AG (Avstriya) bilan hamkorlik haqida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu hujjatlar banklar o‘rtasidagi savdo faoliyatini kengaytirish, mijozlar faoliyatini yangi kredit mahsulotlari orqali qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Hamkorlik yo‘lida ilk qadam sifatida Crédit Agricole Italia S.p.A. (Italiya) bilan Kelishuv imzolandi. Ushbu kelishuvlar bank uchun yangi istiqbollarni ochadi va uning xalqaro moliyaviy maydondagi mavqeini mustahkamlaydi.

2025-yilda Milan shahrida o‘tkazilgan OTB Boshqaruvchilar Kengashining yig‘ilishida ishtirok etish «ASIA ALIANCE BANK» ATB uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirish, savdo va moliyaviy aloqalarni mustahkamlash hamda yetakchi xalqaro moliyaviy institutlar bilan sheriklikni rivojlantirish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi. Bank xalqaro sheriklik tarmog‘ini faol ravishda kengaytirish, savdo-moliyaviy aloqalarni mustahkamlash hamda innovatsion va ekologik mas’uliyatli loyihalarni amalga oshirish hamda moliyaviy va savdo aloqalari uchun yangi yechimlarni taklif etish orqali O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
- Avtor: ko'rsatilmagan
- Manba: «ASIA ALLIANCE BANK» ATB matbuot markazi
- Ko'rishlar: 76