2025-yil 13-maydan 15-maygacha ASIA ALLIANCE BANK Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Kengashi boshqaruvchilari yillik yig'ilishi va Biznes-forumida ishtirok etdi. Tadbir Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib o‘tdi.

 

Ushbu tadbir kapital bozorlarini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, rivojlanayotgan bozorlarda raqamlashtirish va shaharlarning barqaror rivojlanishi hamda ekologik izini kamaytirishga qaratilgan YETTBning “Yashil shaharlar” dasturiga bag‘ishlandi. Global chaqiriqlar sharoitida strategik tashabbuslar bilan o‘rtoqlashish uchun muhim maydonga aylandi.

 

ASIA ALLIANCE BANK barqaror moliyalashtirish, raqamli transformatsiya va Markaziy Osiyoda mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha ekspert sessiyalarida ishtirok etdi, yangi biznes aloqalarni yo‘lga qo‘ydi hamda O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildi. 

Tadbir doirasida bank bir qator xalqaro moliyaviy institutlar va banklar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ular orasida quyidagilar bor: Blue Orchard (Shveytsariya), Eskhata Bank (Tojikiston), Moody's (Buyuk Britaniya), Prestel & Partner Ltd. (Buyuk Britaniya), Frontclear (Niderlandiya), TCX (Niderlandiya), Bank of New York Mellon (AQSh), EMGA (Buyuk Britaniya), Responsibility (Shveytsariya), Commerzbank (Germaniya), Bank of Georgia (Gruziya), JPMorgan (AQSh), EUROPEAN MERCHANT BANK (Litva), KFW DEG (Germaniya).

ODDO BHF (Germaniya) bilan olib borilgan muzokaralar yakunida 20 million AQSh dollariga teng ikki tomonlama strategik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Ushbu kelishuv ASIA ALLIANCE BANKga savdoni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro biznesni rivojlantirishda Yevropa tajribasidan foydalanish imkonini beradi.

 

Bundan tashqari, YETTB vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatga investitsiyalarni jalb etishda yangi istiqbollarni ochadi.