Kredit tarixi va kredit byurosi nima?
Kredit tarixi umr davomida bir marta bo‘lsa ham banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, lizing kompaniyalari va maishiy texnika, mebel va shu kabi do‘konlarning kredit xizmatlaridan foydalangan har qanday insonda mavjud.
O‘zbekiston Respublikasining “Kredit ma’lumotlari almashinuvi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan kredit tarixi qarzdorning so‘nggi besh yil ichidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olib, quyidagilarni aks ettiradi:Kredit tarixi – bu Sizning qayerdan, qaysi kredit tashkilotidan, qancha miqdorda qarz olganingiz va keyinchalik uni qanday to‘laganingiz to‘g‘risida batafsil ma’lumot, ya’ni bu Sizning qarz oluvchi sifatida moliyaviy intizomingiz aksidir.
- qarzdor to‘g‘risida;
- joriy va yopilgan kreditlar, tovar kreditlari qiymati, rasmiylashtirilgan sanasi, muddati va qoldig‘i to‘g‘risida;
- muddati o‘tgan qarzdorliklar to‘g‘risida;
- joriy va yopilgan kreditga qo‘yilgan garov mulki va mulk egasi to‘g‘risida;
- sud jarayonidagi kreditlar to‘g‘risida;
- kredit tarixi shakllangan sana va uni tayyorlagan tashkilot to‘g‘risida.
Shu bilan bir qatorda, kredit tarixi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarzdor to‘g‘risidagi ma’lumotlardan tashqari lizing oluvchi, kafil, kafolatchi, garovga qo‘yuvchi hamda kredit bitimi bo‘yicha sug‘urtalovchi sifatida qatnashuvchi jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham o‘zida jamlaydi.
Kredit ma’lumotlarni yig‘ish bilan Kredit byurosi shug‘ullanib, ular Markaziy bank tomonidan berilgan litsenziyaga asosan faoliyat yuritadi.
Kredit byurosi nafaqat jismoniy va yuridik shaxs bo‘lgan qarzdorlarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida balki, ushbu ma’lumotlar bilan almashish uchun banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, lizing kompaniyalari va ayrim do‘kon (riteyler)lar bilan hamkorlik olib boradi.
Muhim! Pul mablag‘lari va boshqa mulklarni qarzga berish bo‘yicha shartnoma to‘g‘risidagi ma’lumot qarzdorning roziligisiz Kredit byurosiga taqdim etiladi.
Kredit byurosi, qarzdorlarning moliyaviy holatini, shuningdek, qarzni qaytara olish qobiliyatini baholaydi, shuningdek, qarzdorlarni baholash reytingi tizimini (skoring) shakllantiradi.
Kredit skoringi - bu Sizning kreditni to‘lay olish qobiliyatingizni ball berish orqali baholash tizimi. Sizga beriladigan ballar muddati o‘tgan qarzdorlikning mavjud yoki yo‘qligi, shuningdek, daromadlar, faoliyat turi, yosh va turmush holati va boshqa shu kabi omillarga bog‘liqdir.
Skoring ballini oshirish uchun o‘z kredit tarixingizni kuzatib borishingiz, qarz yuki hajmini ko‘paytirmasdan, majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarib borishingiz zarur.
Muhim! Siz Kredit byurosidan hech qanday sabablarni ko‘rsatmasdan, yiliga faqat bir marta tekinga va istalgancha pullik asosda o‘z kredit tarixingiz to‘g‘risidagi ma’lumotni olish huquqiga egasiz.
Shunday qilib, qanday yaxshi kredit tarixini shakllantirish mumkin?
- Mobil telefon va boshqa qurilmalarga kreditni qaytarish jadvaliga muvofiq belgilangan to‘lov sanalarini eslatmaga joylashtiring;
- Kredit bo‘yicha amalga oshirilgan navbatdagi to‘lovdan so‘ng, har safar bank xodimidan, mobil ilovasi yoki veb-saytdagi shaxsiy kabinetingiz orqali tekshirib boring.
- Avtor: O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining moliyaviy savodxonlik bo’yicha axborot-ta’lim veb-sayti
- Manba: www.finlit.uz
- Ko'rishlar: 2314