“Kredit olish uchun ushbu kredit bilan bog‘liq bir qancha harajatlar qilishga majbur bo‘ldim.” – bu Sizga tanish so‘zlar bo‘lsa kerak. Ma’lumki, bankdan olinayotgan har qanday kredit bo‘yicha uning turiga qarab, uni olish, foydalanish va to‘lash bilan bog‘liq bo‘lgan harajatlar yuzaga keladi.

Ushbu harajatlar qarzdor tomonidan bank yoki boshqa shaxslar (masalan, garov mulkini baholovchi tashkilot, sug‘urta kompaniyalari va boshqalar) foydasiga to‘lanadigan pullar bo‘lishi mumkin.

Bunday harajatlar, kreditning asosiy qarzi va foizlari bilan birgalikda kreditning to‘liq qiymatini tashkil etadi. Bunda, harajatlar bir vaqtning o‘zida to‘lanmaydi va o‘larning to‘lovi va miqdori kredit turi va kredit ta’minotiga qarab yuzaga keladi.

Shunday qilib, kreditning to‘liq qiymati deganda, iste’mol krediti yoki qarz olish bilan bog‘liq barcha to‘lovlarni hisobga olgan holda kredit qaytarilganidan keyingi real foiz stavkasi tushiniladi.

Masalan kreditning yillik foiz stavkasi 20% bo‘lsa, kreditning to‘liq qiymati yillik 23% dan to‘g‘ri kelishi mumkin. Aynan bu ko‘rsatkich banklar taklif etayotgan kredit mahsulotini solishtirishga va eng maqbulini tanlashga imkon yaratadi.

35.jpegKreditning to‘liq qiymatiga kredit turi va garov ta’minoti turiga qarab quyidagi harajatlar kiradi:

  1. Asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlar. Ushbu to‘lovlar majburiydir;
  2. Bank foydasiga amalga oshiriladigan to‘lovlar — kreditni rasmiylashtirish va undan foydalanish davomidagi komission to‘lovlar. Bunda, Siz kreditni o‘z vaqtida to‘lamaganingiz uchun hisoblangan jarima, penya va neustoykalar kreditning to‘liq qiymatiga kiritilmaydi;
  3. Garov ta’minoti sifatida kredit qaytmaslik xataridan sug‘urtalash bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lovlar (polis), agar kredit garov mulki sifatida ushbu ta’minot turini taqdim etayotgan bo‘lsangiz;
  4. Garov mulkini (avtotransport, uskuna, ko‘chmas mulk) sug‘urta qilishda sug‘urta tashkilotiga to‘lanadigan to‘lovlar, agar kredit garov mulki sifatida ushbu ta’minot turini taqdim etayotgan bo‘lsangiz;
  5. Garov ta’minoti sifatida kafillik (kafolat) olish uchun kafil (kafolat beruvchi)ga to‘lanadigan to‘lovlar, agar kafil Sizdan bunday to‘lovni amalga oshirishni talab etsa;
  6. Garov mulkini baholash uchun baholovchi tashkilotga to‘lanadigan to‘lovlar, agar kredit ta’minotiga bunday garov mulkini (ko‘chmas mulk, avtotransport, uskuna, qimmatbaho tosh kabilar) taqdim etayotgan bo‘lsangiz;
  7. Kredit olish uchun hujjatlarni tayyorlash, ularni bankka topshirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar (vositachilar)ga to‘lanadigan to‘lovlar. Bunday harajatlar haqiqatda to‘langan vaqtda hisobi yuritiladi.

Yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo‘lsak, kreditning to‘liq qiymati kredit hujjatlarini tayyorlashdan boshlab, to uni oxirgi to‘lovlarini amalga oshirgunga qadar kredit bo‘yicha barcha to‘lovlarni hisobga olgan holda hisoblanishi kerak.

E’tibor qarating! Banklar kreditning to‘liq qiymatini kredit shartnomasida to‘liq va yaxshi o‘qiladigan shriftda ko‘rsatishlari kerak.
Kreditni olishdan oldin, bank mutaxassisidan Siz olmoqchi bo‘lgan kreditingiz bo‘yicha kreditning to‘liq qiymatiga nimalar kirishi va u qanday hisoblanishini batafsil so‘rashga haqlisiz!