Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhining Toshkentda bo‘lib o‘tgan 46-yillik anjumanida 57 ta a’zo davlat vakillari hamda 27 ta xalqaro va mintaqaviy hamkor tashkilotlar qatorida “ASIA ALLIANCE BANK” ATB ham samarali ishtirok etdi.
Ushbu nufuzli anjumanning ilk kunlarida, Islom taraqqiyot banki Prezidenti janob Muhammad Sulaiman Al-Jassir “ASIA ALLIANCE BANK” ATB O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Islom shartlari asosida savdoni moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yganligi uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi va bankni Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasining “The First Partner Bank in Uzbekistan” (“O‘zbekistondagi birinchi hamkor bank”) yorlig‘i bilan taqdirladi.
Tadbir doirasida, “ASIA ALLIANCE BANK” ATB vakillari tomonidan ITB guruhiga kiruvchi tashkilotlar - Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash Islom korporatsiyasi (IEKSIK “ICIEC”), Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (XISMK “ITFC”) va Xususiy sektorni rivojlantirish bo’yicha Islom korporatsiyasi (XSRIK “ICD”) direktorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jumladan, “ASIA ALLIANCE BANK” ATB Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Umidjon Xakimov XISMK direktori janob Hani Salem Sonbol bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida, “ASIA ALLIANCE BANK” ATB 2018 yilda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib XISMKning 9,0 million AQSh dollari miqdoridagi Islom-savdoni moliyalashtirish liniyasini jalb qilganiga qaramasdan, uni qisqa muddatlarda samarali o‘zlashtirganligi tufayli, kelgusida yana yangi moliyalashtirish liniyalarini jalb qilish va ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
XISMK 2008 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga a’zo davlatlardagi tashkilotlarga savdoni moliyalashtirish xizmatlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi hamda ularning jahon bozorida muvaffaqiyatli raqobatlashishiga imkon beradigan salohiyatni oshirish vositalari bilan ta’minlaydi.
Anjuman davomida “ASIA ALLIANCE BANK” ATB vakillari IEKSIK direktori janob Ussama Kaissi bilan ham uchrashib, kelgusida ikki tomonlama hamkorlikni o‘rnatish va mamlakatimizda Islom sug‘urta maxsulotlarini keng tadbiq etish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
IEKSIK 1994 yilda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, xatarlarni kamaytirish bo‘yicha shariatga mos keladigan yechim va vositalar yordamida savdo va investitsiya aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Shu bilan birga, “ASIA ALLIANCE BANK” ATB vakillari hamda XSRIK direktori janob Ayman Amin Sejiniy boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida ham samarali muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuv davomida, XSRIK tomonidan bankka ajratilgan 10,0 million AQSh dollari miqdoridagi yangi moliyalashtirish liniyasini o‘zlashtirish ishlari boshlanganligi, hamda “ASIA ALLIANCE BANK” ATB da “Islomiy darcha” ochish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Kelgusida, XSRIK bilan hamkorlikda “Islomiy darcha” loyihasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish, hamda shariat talablari asosida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar, ya’ni Sukuklarni chiqarish va shu orqali mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalar bo‘yicha kelishib olindi.
XSRIK 1999 yilda xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish, raqobat va tadbirkorlikni rag‘batlantirish, hukumatlar va xususiy kompaniyalarga maslahat hizmatlarini ko‘rsatish va davlatlararo investitsiyalarni rag‘batlantirish orqali unga a’zo davlatlarning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.
- Avtor: ko'rsatilmagan
- Manba: «ASIA ALLIANCE BANK» ATB matbuot markazi
- Ko'rishlar: 5867