Odatda, biror bir kattaroq moliyaviy maqsadimizga tezroq erishish masalasini bankdan kredit olish bilan hal qilishga harakat qilamiz. Kredit o‘zi nima va u bo‘yicha nimalarni bilish muhimligi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
Kredit - bu kredit tashkilotlari, masalan bank tomonidan ajratiladigan qarz mablag'laridir. Banklar pullarni bir tashkilotdan qarz olib boshqasiga ma'lum bir muddatga qarzga beradi. Pulni qarz sifatida olib ishlatgani uchun foiz to'laydi va mijozlariga qarzga bergani evaziga esa foiz undiradi. To'langan foizlar va undirilgan foizlar o'rtasidagi farq bankning daromadi hisoblanadi. Demak, bankka tadbirkor sifatida qaraydigan bo'lsak, u o'z biznesi uchun "xom-ashyo" sotib oladi, "mahsulotni ishlab chiqaradi" va daromad ko'rish uchun mijozlariga "sotadi". Bu yerda,
Xom-ashyo – bu pullarni depozitga foizlar evaziga jalb qilish;
Tayyor mahsulot – bu bank xizmatlari;
Sotuv – bu kredit va boshqa bank xizmatlari.
Kredit asosan ma'lum bir maqsadga, muddatga, ta'minot ostida, uni so'ndirish grafigi asosida va qarzdorning to‘lay olish qobiliyatiga qarab ajratiladi. Bu kreditning asosiy tamoyillari hisoblanadi. Chunki bank kredit berish uchun jalb qilgan mablag'larini omonatchi va depozit egalariga foizi bilan birga o‘z vaqtida qaytarishi, o'z xarajatlarini qoplashi va kreditni qaytish yoki qaytmaslik riskini oldindan baholashi lozim. Shundan kelib chiqib, har bir bank kreditlar bo'yicha foiz stavkalarini mustaqil belgilaydi.
Kredit aholiga, xususiy tadbirkorlarga, yirik korxonalarga va hattoki davlatlarga berilishi mumkin.
Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining kreditga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash va to‘xtovsiz faoliyat olib borishi uchun banklarga doim pul resurslari zarur. Banklar pullarni
- o‘z ta’sischilaridan;
- aholi va yuridik shaxslardan;
- davlatdan yoki xalqaro moliya tashkilotlaridan olishlari mumkin..
Yuqoridagi resurs manbaalaridan kelib chiqib, kreditlarning turi va shartlari belgilanadi:
Iste’mol kreditlari. Mijoz tomonidan ma’lum bir iste’mol tovar va xizmatlari, masalan maishiy texnika, avtotransport sotib olish uchun uy-joyni ta’mirlash, to‘y marosimlari, dam olish va davolanish kabilarga yo‘naltirilgan qarz mablag‘lari olinishi misol bo‘ladi.
Iste’mol kreditlarini ajratishda bank o‘z sa’y harakati bilan resurs jalb qiladi. Tabiiyki, bunday resurslarni bank ma’lum bir “narxda” sotib oladi. O‘z-o‘zidan “mahsulot ishlab chiqarish”dagi xarajatlarni qoplash maqsadida bank bunday kreditlarni nisbatan balandroq “narxda” sotadi.Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan kreditlar. Bunday kreditlar boshlang‘ich sarmoya, aylanma mablag‘ni to‘ldirish, ishlab chiqarishni kengaytirish kabi maqsadlar uchun qisqa va uzoq muddatlarda ajratiladi. Bunda kredit foizlari davlat dasturi asosida imtiyozli ravishda yoki bankning o‘z mablag‘lari hisobidan, lekin imtiyozli kreditlarning foizlaridan farqli ravishda ajratilishi mumkin.
Imtiyozli kreditlar. Davlat dasturi asosida ajratiladigan imtiyozli kreditlar. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash uchun davlatning maxsus fondlari yoki xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan turli xil imtiyozlar bilan ajratiladigan kreditlar. Ushbu kredit shartlari bevosita resursni taqdim etayotgan tashkilot tomonidan o‘rnatiladi.
Ipoteka kreditlari. Uy-joy sotib olish uchun ajratiladigan kredit turi bo‘lib, belgilangan shartlar asosida bankning o‘z mablag‘lari hisobidan yoki davlat dasturlari asosida maxsus davlat fondlari hisobidan imtiyozli ravishda ajratilishi mumkin.
Kredit mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish ikki karra mas’uliyatni talab etadi. Shunday ekan, kreditni olish, ishlatish va qaytarishda mas’uliyatni his etib, tartibli qarzdorlardan bo‘lishga harakat qilaylik. Chunki kredit bu sovg‘a emas, u moliyaviy maqsadlarimizga erishish uchun imkoniyat. Bu imkoniyatdan mas’uliyatsizlik bilan foydalanib, o‘z vaqtida qaytarilmasa kredit tarixiga salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.
- Author: O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining moliyaviy savodxonlik bo’yicha axborot-ta’lim veb-sayti
- Source: www.finlit.uz
- Views: 542