2022-yil 3-4-noyabr kunlari Samarqand shahrida Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining maqsadlari, istiqbollari, imkoniyatlari va vazifalarini muhokama qilishga qaratilgan ikkinchi Iqtisodiy forum bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur Forumning muloqotida mamlakatimiz hukumati vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, xalqaro biznes vakillari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, jumladan Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki vakillari, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Xalqaro valyuta fondi va boshqalar ishtirok etmoqda.

“ASIA ALLIANCE BANK” ATB vakillari ushbu tadbir doirasida Landesbank-Baden Vurttemberg (Germaniya), Bank of New York Mellon (AQSh), Symbiotics (Shveytsariya), ICS Financial Systems (Iordaniya) va Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi (Saudiya Arabistoni) kabi xorijiy moliya institutlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy samara beradigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, mahalliy xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini ragʻbatlantirish va mustahkamlash maqsadida hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Xususan, “ASIA ALLIANCE BANK” ATB va Avstriyaning yetakchi “Raiffeisen Bank International AG” banki guruhi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur Bitim savdoni moliyalashtirish, mijozlar ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan xalqaro tranzaksiya biznesini rivojlantirish, shuningdek, Ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) yoʻnalishini rivojlantirish kabi bank sohalarida o’zaro aloqalarni rivojlantirishga, tajriba va amaliy koʻnikmalarni oʻrganishga imkon yaratadi. Banklar o‘rtasida rivojlanayotgan sheriklik doirasida tranzaksiya biznesi sohasida hamkorlik qilish masalasi ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, mijozlar oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarish, shuningdek, tranzaksion bank faoliyatini uzluksiz rivojlantirish maqsadida bank tomonidan to‘lov vositalarining xilma-xilligiga va vakillik tarmog‘ining kengligiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlarning davomi sifatida 2022 yil oktabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarining eng yirik banklaridan biri “Mashreq Bank” bilan vakillik aloqalari o‘rnatilib, arab dirhamlarida hisobraqami ochildi.