Symbiotics Investments va ASIA ALLIANCE BANK o’rtasida  4 500 000,0 AQSh dollarlik Kredit shartnomasi imzolandi. 

O‘tgan 2023-yil ASIA ALLIANCE BANK uchun samarali yillardan biri bo‘lib, xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilgan bir qator muvaffaqiyatli loyihalarga boy bo’ldi. Bu esa bankning xorijiy hamkorlari orasidagi mavqeini oshirib, ichki bozorda bankning yetakchi o’rnini mustahkamlashga xizmat qildi. Yil yakuni Shveysariyaning Symbiotics Investments kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarining yo’lga qo’yilganligi bilan ahamiyatli bo’ldi.

Mijozlarning moliyalashtirishga bo‘lgan qiziqishi hamda ehtiyojining ortib borayotganini inobatga olgan holda, 2024-yil boshida Symbiotics Investments “ASIA ALLIANCE BANK”ga O‘zbekiston Respublikasidagi kichik va o‘rta biznes hamda mikrofirmalar loyihalarini  moliyalashtirish uchun 4 500 000 AQSh dollari  miqdorida milliy valyuta ekvivalentida kredit ajratdi. Mazkur mablag’lar Symbiotics Investments tomonidan MSME Bonds S.A. kompaniyasining Lyuksemburgda ro‘yxatdan o‘tgan maxsus platformasida obligatsiyalar chiqarish orqali taqdim etildi.

Ilk bor xorijiy moliya institutlaridan milliy valyutada mablag‘larning jalb qilinishi  ASIA ALLIANCE BANK uchun ahamiyatlidir. Bu shuningdek, kichik va o‘rta biznes hamda mikrofirmalar loyihalarini qulay shartlarda, shu bilan birga valyuta risklarining oldini olgan holda moliyalashtirish imkonini beradi.

O‘z navbatida, mazkur bitim ASIA ALLIANCE BANKning boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga va bank tomonidan o‘z mijozlari uchun taklif etiladigan  moliyalashtirish turlarining ko’payishiga yo‘l ochadi, shuningdek,  O’zbekistonning  investitsion muhitini yaxshilashga va iqtisodiyotimiz rivojlanishiga ishonchli hissa qo’shadi.

Ma'lumot uchun:
Symbiotics - rivojlanayotgan mamlakatlarda real iqtisodiyotni yuksaltirish jarayonlarini moliyalashtirish uchun investorlarga kirish imkoniyatini taqdim etadigan yirik platformalardan biridir. Kompaniyalar guruhi bozor tadqiqotlari, investitsiya bo'yicha maslahatlar va aktivlarni boshqarish xizmatlarini taklif qiladi. Symbiotics tashkil etilganidan buyon 95 mamlakatda 580 dan ortiq tashkilotga 7700 ta tranzaksiya orqali 9,6 mlrd investitsiya kiritgan.
symbioticsgroup.com