2020 yil 28 oktyabrda Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) tomonidan o‘tkazilgan Savdoni moliyalashtirish dasturi (TFP) ishtirokchilarini taqdirlash marosimida «ASIA ALLIANCE BANK» “Yilning eng yaxshi kichik va o‘rta biznes loyihasini moliyalashtirgan banki” deb e’tirof etildi.

«ASIA ALLIANCE BANK», 2020 yilning aprelida O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy sektor sub’ektlarining savdo amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, OTB tomonidan tashkil etilgan Savdoni moliyalashtirish dasturiga a’zo bo‘lgan edi. Qisqa muddat ichida, Bank o‘z mijozlariga ushbu dastur orqali 10 dan ortiq savdo amaliyotlarini moliyalashtirishda ko‘maklashdi.

Osiyo taraqqiyot banki har yili ushbu Dastur doirasida bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha hamkor banklarni taqdirlab kelmoqda.

Pandemiya sharoiti sababli, 2020 yilgi taqdirlash marosimi Singapur davlatida ZOOM onlayn platformasi orqali havola etildi. Taqdimot natijalariga ko‘ra, «ASIA ALLIANCE BANK» “Yilning eng yaxshi kichik va o‘rta biznes loyihasini moliyalashtirgan banki” nomzodligi bo‘yicha g‘olib deb e’tirof etildi. OTB tadqiqotchilari tomonidan g‘olib deb topilgan «ASIA ALLIANCE BANK» mijozining ushbu loyihasi doirasida, Janubiy Koreya davlatida ishlab chiqarilgan, ekologik tabiiy mahsulotlarni etishtirishga mo‘ljallangan issiqxona uskunalari importi moliyalashtirildi. Natijada Sirdaryo viloyatida qarovsiz qolgan yerlar o‘zlashtirildi hamda ko‘plab qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratildi.