Kichik va o‘rta biznes va xususiy tadbirkorlik vakillariga biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish “ASIA ALLIANCE BANK” ATB faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, bu uning investitsion faollikni oshirishda, vakillik munosabatlarini o‘rnatishda, kredit liniyalari va savdoni moliyalashtirishga oid liniyalarni jalb qilishda o‘z ifodasini topmoqda. Alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, vakillik munosabatlarini o‘rnatishda, bank hamkorlarning ishonchliligining xalqaro reytingiga, o‘z mijozlarining manfaatlariga, xalqaro hisob-kitoblarning sifati va tezligiga katta e’tibor beradi.

2019 yil sentyabr oyining oxirida “ASIA ALLIANCE BANK” AQShning etakchi banklaridan biri hisoblangan Bank of New York Mellon bilan AQSh dollarida korrespondent hisob ochish to‘g‘risida kelishuvga erishdi va bitim imzoladi. Ta’kidlash joizki, Bank of New York Mellon uchun O‘zbekiston banklari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatish 90-yillarning oxirlaridan buyon birinchi marta amalga oshirilmoqda.

Chuningdek, Londonda bo‘lib o‘tgan SIBOS 2019 konferentsiyasi va o‘tkazilgan muzokaralar doirasida banklar o‘rtasida savdoni moliyalashtirish va g‘aznachilik operatsiyalari sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Dunyoning etakchi banki bilan hamkorlik to‘g‘risida erishilgan kelishuvlar xalqaro hisob-kitoblar sohasidagi faoliyatni kengaytirishga, xalqaro pul o‘tkazmalari xizmatlarini rivojlantirishga, shuningdek, bankning xalqaro maqomini mustahkamlashga yordam bermoqda. AQSh dollarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrespondent hisobning mavjudligi bank mijozlariga qisqa vaqt ichida o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga, shuningdek, uchinchi banklarning komissiya to‘lovlaridan butunlay ozod bo‘lib, to‘lov xarajatlarini kamaytirishga imkoniyat yaratadi.

Ma’lumot uchun:

Bank of New York Mellon 1784 yilda tashkil etilgan bo‘lib, AQShda eng birinchi ochilgan banklardan biri hisoblanadi, shuningdek, dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlarida o‘z vakolatxonalariga ega bo‘lgan jahondagi yigirmanchi eng eski bank hamdir. Bugungi kunda Bank of New York Mellon aktivlari bo‘yicha dunyodagi eng yirik investitsiya kompaniyalaridan biri hisoblanadi.

Bankning asosiy vazifalari davlat tashkilotlari va yuqori daromadli shaxslarning investitsiyalarini boshqarish va ularga xizmat ko‘rsatishdir. Bank of New York Mellon mijozlari eng yaxshi xayriya va pensiya jamg‘armalari, sug‘urta kompaniyalari, shuningdek, etakchi universitetlardir. Bank of New York Mellon xalqaro miqyosda yuqori mavqega ega ekanligini, Fortune 500 ro‘yxatiga kiritilgan kompaniyalarning 80 foiziga ushbu bank tomonidan xizmat ko‘rsatilayotganligidan ham anglash mumkin.

Nufuzli xalqaro moliyaviy nashrlar tomonidan ham Bank of New York Mellon yuqori baholangan. Jumladan, 2013 va 2014 yillarda Global Finance ma’lumotlariga ko‘ra, u dunyodagi eng xavfsiz banklardan biri deb tan olingan va The Banker xalqaro jurnali 2014 yilda uni eng qimmat bank brendlaridan biri deb e’tirof etilgan.