O‘zbekiston Respublikasi kapital bozorini rivojlantirish Agentligi tomonidan 50 mlrd. so‘m miqdoridagi «ASIA ALLIANCE BANK» ATB korporativ obligatsiyalari chiqaruvi ro‘yxatga olindi. Korporativ obgatsiyalar chiqarilishi so‘nggi yillarda milliy qimmatli qog‘ozlar bozorida sodir bo‘layotgan muhim voqealardan biri bo‘lmoqda.

«ASIA ALLIANCE BANK» ATB tashkil topgandan buyon Bank aktsiyalarining jami 167,5 mlrd. so‘mga teng 12 chiqariluvi amalga oshirilib, aktsiyadorlar o‘rtasida muvaffaqiyatli joylashtirilgan. Shuningdek, jami 400 mlrd. so‘mga yaqin 3 yilgacha muddatli depozit sertifikatlarining 6 chiqariluvi tashkil qilinib, Bank mijozlari o‘rtasida muvaffaqiyatli joylashtirilgan.

“ASIA ALLIANCE BANK” ATB korporativ obligatsiyalar chiqarishdan Bankning uzoq muddatli resurs bazasini mustahkamlash, iqtisodiyotning real sektoriga mansub istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun mablag‘larning yangi manbalarini jalb qilish, shuningdek, uyushgan kapital bozoridan mablag‘lar jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish kabi maqsadlarni ko‘zlaydi.

Ro‘yxatdan o‘tkazilgan “ASIA ALLIANCE BANK” ATB korporativ obligatsiyalar chiqaruv hajmi 50 mlrd. so‘mga teng bo‘lib, obligatsiyalarning nominal qiymati 1 mln. so‘mni, muomala muddati 7 yilni tashkil qiladi. Obligatsiyalar bo‘yicha yuqori daromadlilik taklif qilinmoqda: foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasi+4% (yillik)ni tashkil qiladi. Obligatsiyalarni joylashtirishni “Toshkent” respublika fond birjasida 2019 yil 16 iyuldan boshlab amalga oshirish rejalashtirilmoqda.